“Ixtiro va foydali modelga talabnomani tayyorlash, ish yuritish va ekspertiza jarayoni”

Joriy yilning 16-yanvar kuni Geologiya fanlari universitetining “GIDROINGEO instituti” DMda “Ixtiro va foydali modelga talabnomani tayyorlash, ish yuritish va ekspertiza jarayoni” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.

Mahorat darsida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” DM ning “Ixtiro va foydali modellar” bo‘limi mutaxassisi Sh.Abdunabiyev tomonidan ixtiro va foydali modellar bo‘yicha ish yuritishning huquqiy-meʼyoriy asoslari, patent olish uchun topshiriladigan hujjatlar va ularni ekspertizadan o‘tkazish tartibi toʻgʻrisida, shuningdek, ixtiroga talabnomalar topshirish dinamikasi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Ma’ruza yakunida ishtirokchilar mutaxassisdan mavzu yuzasidan o’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.

«Vatanimga tayanchman» mavzusidagi vatanparvarlik soati haqida

Joriy yilning 13 yanvar kunida “GIDROINGEO instituti” DMda “Vatanimga tayanchman” mavzusida vatanparvarlik soati boʻlib oʻtdi.

Institut direktori Q.Mingboyev institutda faoliyat olib borayotgan barcha mutaxassislarni 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” bilan tabriklab, bugungi kun yurtimiz o‘g‘lonlari buyuk bobokalonimiz Amir Temur izdoshi bo‘lib kelayotganini, shuningdek, inson ilk bor nafas olib, ulg‘ayib voyaga yetgan ona zaminga mehr-muhabbat va sadoqatda bo‘lishi, uning har bir hovuch muqaddas tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyodek surtishi, unga nisbatan bir umr farzandlik hissi bilan yashashi uning uchun ham farz, ham qarzligini taʼkidlab oʻtdi.

Institut ilmiy kotibi Sh.Toshev “Vatanimga tayanchman” mavzusida vatanni, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, vatanparvar bo‘lish, sodiqlik, fidoyilik tuyg‘ularini his etib yashash mustaqil yurtimizning kelajagi ekanligi toʻgʻrisida maʼruza qildi.

Shuningdek, institut Kasaba uyushmasi raisi T.X. Aripjanov barchani bayram bilan tabriklab, har qanday vaqtda Vatanga xizmat ko‘rsatish O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun muqaddas burchligini aytib oʻtdi.

«Yoshlar press klubi»ning navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi

Tadbirga Davlat geologiya qo‘mitasi va korxonalari mutasaddilari, mutaxassislari taklif etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnoma muhokamasi yuzasidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash mavzusi muhokama etildi.
Yer osti suvlari va ulardan oqilona foydalanish, yer osti suvlaridan foydalanish munosabatlarida davlat nazoratini yanada kuchaytirish, amaldagi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar, suvdan foydalanish bo‘yicha idoralararo maʼlumotlar almashinuvining elektron tizimini yaratish va integratsiya qilish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.